Asosiy mazmunga o‘tish
39A Qori Niyoziy Street, Tashkent, Uzbekistan info@ifar.uz EN UZ
FATI FATI

FATI olimi tuproq va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha xalqaro seminarda ishtirok etdi

05 Okt 2026

Konferensiya va seminarlar 05 Okt 2026
FATI olimi tuproq va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha xalqaro seminarda ishtirok etdi

2026-yil 22-sentabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Yevropa va Markaziy Osiyoda tuproq va ekotizimlarni tiklash, bioxilma-xillikni saqlash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarning asosiy maqsadi Yevropa va O‘zbekiston ilmiy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda Horizon Europe dasturining Marie Skłodowska-Curie Actions (MSCA) Staff Exchanges 2027 tanloviga qo‘shma loyiha tayyorlash uchun xalqaro ilmiy konsorsium shakllantirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir dasturidan Varshava universiteti Biologik va kimyoviy tadqiqotlar markazi direktori, professor Ewa Bulska, professor Małgorzata Suska-Malawska va professor Ilan Stavining taqdimotlari o‘rin oldi. Ularda ilmiy infratuzilma va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari, dastlabki MSCA loyiha konsepsiyasi, agroo‘rmonchilik, qurg‘oqchil hududlar ekotizimlari va yerlarni tiklash masalalari yoritildi.

Seminarda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti (IFAR)ning “Iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga ta’sirini baholash” laboratoriyasi mudiri, fan doktori (DSc) Muxiddin Juliyev “O‘zbekistonning Ugam–Chatkal tog‘ ekotizimida ekotizimlarni tiklash va iqlim o‘zgarishiga moslashishni qo‘llab-quvvatlash uchun mashinaviy o‘rganish asosida tuproq eroziyasini xaritalash” mavzusida taqdimot bilan ishtirok etdi.

Taqdimot Ugam–Chatkal tog‘ ekotizimida tuproq eroziyasini xaritalashning ekotizimlarni tiklash va iqlimga moslashuv choralarini rejalashtirishdagi ahamiyatiga bag‘ishlandi. Ushbu yondashuv eroziya xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlash, tiklash tadbirlari uchun ustuvor maydonlarni belgilash va yer resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha qarorlarni ilmiy asoslashga xizmat qilishi mumkin.

Seminar doirasida hamkor tashkilotlarning ilmiy salohiyati, O‘zbekistondagi istiqbolli tadqiqot hududlari, qo‘shma dala va laboratoriya tadqiqotlari, olimlar va yosh tadqiqotchilar almashinuvi hamda tabiatga asoslangan yechimlar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. IFARning tadbirdagi ishtiroki institutning tuproq eroziyasi va iqlimga moslashuv bo‘yicha tadqiqot yo‘nalishini xalqaro hamkorlarga tanishtirish imkonini berdi.

Barcha yangiliklarga qaytish